Reja:
1. Loyiha, loyihalashtirish haqida tushuncha.
Ta’lim sifatini oshirish – ustivor vazifadir. Globallashuv jarayonining tezlashishi dunyoda barcha sohalarda raqobat muhitini yanada kuchaytirmoqda. Bunday sharoitda zamonaviy cifatli bilim berishga asoslangan ta’limgina mamlakatning raqobatbardoshligini ta’minlaydi. Ushbu jarayonda nostandart, kreativ va tanqidiy fikrlaydigan hamda yuqori aqliy salohiyatga ega bo‘lgan mutaxassislarga talab ortadi.
Bu esa bevosita ta’lim sifatini oshirish bilan bog‘liq uzluksiz jarayondir. Keyingi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan barcha sohalar qatorida ta’limning jami yo‘nalishlari, jumladan, maktabgacha va maktab ta’limi tizimi faoliyatini tubdan takomillashtirish, maktab ta’limiga o‘qitishning ilg‘or metodlarini joriy etish, zamonaviy bilimlar va chet tillarni puxta o‘rgatish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi maktab bitiruvchisi cheklangan bilim va ko‘nikmalarga ega, fikrlash salohiyati yetarli darajada emasligi hech kimga sir emas. Dunyoda innovatsiya va texnologiyalar rivojlanayotgan sharoitda bu holat davlat va jamiyat rivojlanishi talablariga javob bera olmaydi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 31 avgust kuni erishish shart bo‘lgan “Maktab bitiruvchisi portreti” belgilab berildi. Ta’lim sohasida o‘quvchilarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni puxta egallashlari uchun maktablarning o‘quv dasturlari, o‘qitish uslubi, darsliklar mazmuni tubdan qayta ko‘rib chiqilishi aytilgandi. Yangi O‘zbekiston maktab bitiruvchisi — zamonaviy ko‘nikmalarni egallagan, axborot texnologiyalarini puxta o‘zlashtirgan, kreativ fikrlaydigan, mustaqil qaror qabul qila oladigan, dunyoqarashi keng shaxs bo‘lib yetishishi zarurligi davlat rahbarining ma’ruzasidan alohida joy olgan edi.
Loyiha metodi asoschisi – amerikalik faylasuf, psixolog va pedagog Jon Dyui (1859-1952) hisoblanadi. Yunesko tomonidan Jon Dyui 1988-yilda XX-asrda pedagogik fikrlash usulini belgilagan toʻrt kishidan biri deb tan olingan. “Agar biz bugun kecha o‘rgatganimizdek dars bersak – bolalarning ertasini o‘g‘irlagan bo‘lamiz”, degan edi buyuk pedagog Jon Dyui. Shuningdek u, “ta’lim muassasasida o‘quvchi nazariy jihatdan o‘rgangan hamma narsani amalda o‘z hayoti bilan bog‘liq muammolarni hal qilish uchun qo‘llashi kerak.
Loyihani yaratish jarayoni loyihalashtirish deb ataladi.
Loyiha holati – bu loyiha faoliyatining muayyan vaqt va muayyan ta’lim maydonidagi faoliyatning tarkibiy qismidir.
Loyiha yo‘nalishlariga asosan turlariga to‘xtalib o‘tsak. Maktab loyihalarining bir nechta turlari mavjud.
1. Amaliyotga yo‘naltirilgan loyihalar.
Maqsad: ushbu loyiha natijasida amaliyotda qo‘llash mumkin bo‘ladigan narsa yaralishi kerak. Amaliyotga yo‘naltirilgan loyiha ijtimoiy muammolarni hal qilishga qaratilgan bo‘ladi.
Loyiha mahsuloti: ko‘rgazma, maketlar va modellar, tavsiyalar, multimedia mahsuloti, o‘quv qo‘llanma, veb-sayt, atlas, xarita, video va boshqalar.
2. Tadqiqot loyihalar.
Maqsad: tadqiqotlar natijasida ilgari surilgan taxmin (gipoteza)ni isbotlash yoki rad etish.
Loyiha mahsuloti: kostyum, model, musiqiy kompozitsiya, insholar, she’rlar, chizmalar to‘plami, videofilm, ko‘rgazma, bayram, o‘yin, kolleksiya va boshqalar kabi turli xil materiallardan iborat bo‘lishi mumkin.
3. Axborot loyihalar.
Maqsad: ma’lum bir obyekt yoki hodisa haqida ma’lumot to‘plash.
Loyiha mahsuloti: statistik ma’lumotlar, so‘rov natijalari, har qanday masala bo‘yicha turli mualliflarning bayonotlarini umumlashtirish.
4. Ijodiy loyihalar.
Maqsad: loyiha muammosiga jamoatchilik qiziqishini jalb qilish.
Loyiha mahsuloti: adabiy asarlar, tasviriy yoki dekorativ san’at asarlari, videofilmlar, aksiyalar, darsdan tashqari mashg‘ulotlar.
5. O‘yin yoki rolli loyihalar.
Maqsad: jamoatchilikka loyiha muammosini hal qilishda ishtirok etish tajribasini taqdim etish.
Loyiha mahsuloti: tadbir (o‘yin, musobaqa, viktorina, ekskursiya va boshqalar.) Bir guruh loyiha ishtirokchilari rollarni o‘zaro taqsimlaydilar va qandaydir tomoshalar tayyorlaydilar. Sahna ko‘rinishi, spektakl yoki tomosha davomida uning qahramonlari muammoli savolga javob berishadi yoki yechim topadilar. Bunday loyihalar butun sinf bilan ishlash uchun qulay format hisoblanadi.
Loyihalar davomiyligiga asosan qisqa, o‘rta va uzoq muddatli turlariga bo‘linadi. Bundan tashqari ishtirokchilar soniga ko‘ra – dars jarayonida, darsdan tashqari, umummaktab hamda hududiy va xalqaro turlari ham mavjud.
Loyihani amalga oshirish bosqichlari quyidagilardan iborat:
1. Muammoni belgilab olish
2. Reja, ishlanma
3. Ma’lumot to‘plash
4. Mahsulot tayyorlash
5. Taqdimot qilish
6. Portfolio yaratish
Ushbu bosqichlarning har birida muayyan vazifalar bajariladi. Masalan, muammoni belgilash bosqichida ushbu muammo nima uchun dolzarb ekanligiga e’tibor qaratmoq lozim. Rejalashtirish bosqichida esa loyiha maqsadlari, vazifalari hamda uni amalga oshirilishidan kutilayotgan natijalar tahlil qilinadi.
Ma’lumot to‘plash bosqichida loyiha ob’екти yuzasidan mavjud ma’lumotlarni to‘plash, saralash va tizimlashtirish darkor. Mahsulot tayyorlash bosqichi ham murakkab jarayon bo‘lib, bunda loyiha mahsulotini to‘g‘ri tanlash nihoyat muhim ahamiyat kasb etadi. Nihoyat yakunlovchi bosqichda loyiha taqdimoti o‘tkaziladi. Bu bosqichda maktab rahbaridan loyiha ishtirokchilari(o‘qituvchilar yoki o‘quvchilar)ni qo‘llab-quvvatlashi talab eniladi. Sababi taqdimot davrida o‘quvchilar va o‘qituvchilarga o‘z loyiha ishlarining qiymati va sifatini namoyish etish, shuningdek, to‘plangan bilim va ko‘nikmalarini baham ko‘rish imkonini beradi.
Portfolio bosqichi deganda, oddiy qilib aytganda, loyiha faoliyati davomida to‘plangan materiallarning yig‘ma jildini yaratish jarayoni tushuniladi.
Maktabda loyiha faoliyatining ustuvor yo‘nalishi loyihani amaliy joriy etish, uni real ishlab chiqarishga tatbiq etishdir. Bundan tashqari, loyiha ishtirokchilari jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini, loyihani tashkil qilish va rejalashtirish qobiliyatini namoyish etishlari, olingan natijalarini tahlil qilishlari va o‘zlarining innovatsion yechimlarini taklif qilishlari kerak. Demak, maktab rahbari, loyiha mavzularini tanlash jarayonida, o‘zining maktabidagi muammolar yechimi ustida izlanish va taklif qilingan loyihalarning hayotiyligi, dolzarbligi va natijaviyligiga jiddiy e’tibor qaratishi kerak.
Resurslarni samarali rejalashtirish va taqsimlash, loyihani muvaffaqiyatli boshqarishning asosiy jihatlaridan biri hisoblanadi.
Loyiha resurslari nima? Loyiha resurslari – bu loyiha vazifalarini bajarish va loyiha maqsadlariga erishishni ta’minlash uchun foydalaniladigan mehnat, texnik va moddiy birliklardir. Loyihani boshqarishda resurslarni rejalashtirishning ahamiyatini baholang. “Resurslar” deganda nafaqat jismoniy materiallar, balki loyiha resurslariga jamoa a’zolari, vaqt va hatto moliya ham kiradi. Loyiha ustida ishlashni boshlashdan oldin, uni muvaffaqiyatli yakunlash uchun zarur bo‘ladigan hamma narsani aniqlab olishingiz kerak. Shundan keyin siz nafaqat ushbu manbalarning barchasini topa olishingizga, balki ularni belgilangan muddatlarda topa olishingizga ishonch hosil qilishingiz kerak.
Kelajakni bashorat qilishning iloji yo‘q, shuning uchun resurslarni rejalashtirish eng oson ish emas. Loyiha uchun aniq nima kerakligini qanday aniqlash mumkin? Dastlab, loyihani bajarish uchun kerak bo‘lgan hamma narsalar ro‘yxatini tuzing. Barcha kerak bo‘ladigan narsalarning batafsil ro‘yxatini tuzib bo‘ldingiz deylik. Endi, ulardan qaysi biri sizda mavjud, degan savolga javob toppish kerak bo‘ladi. Bunga juda sodda yondashsa bo‘ladi: har xil rangdagi ikkita markerni oling. Aytaylik, ko‘k rang sizda mavjud bo‘lgan resurslar uchun va qizil rang esa siz topishingiz kerak bo‘lgan resurslar uchun. Ro‘yxatni ko‘rib chiqing va sizda mavjud bo‘lgan narsalarni ko‘k rangda belgilab qo‘ying. Sizda yetishmayotgan resurslarni qizil marker bilan ajrating. Endi “qizil” resurslarni batafsil ko‘rib chiqamiz. Bu sizning loyihangiz uchun talab qilinadigan narsa, ammo u hali mavjud emas.