menejment.uz
Mavzu: Ta’lim muassasalarida mehnat munosabatlari va mehnat qonunchiligi.

TA’LIM MUASSASALARIDA MEHNAT MUNOSABATLARI VA MEHNAT QONUNCHILIGI

 

Mehnat shartnomasi xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi taraflarning o‘zaro huquqlari hamda majburiyatlarini belgilovchi kelishuv bo‘lib, unga muvofiq xodim ish beruvchining manfaatini ko‘zlab, ushbu kelishuvda belgilangan mehnat vazifasini uning rahbarligi va nazorati ostida shaxsan bajarish, ichki mehnat qoidalariga rioya etish majburiyatini, ish beruvchi esa xodimga shartlashilgan mehnat vazifasi bo‘yicha ish berish, xodimga ish haqini o‘z vaqtida hamda to‘liq miqdorda to‘lash, mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda va ushbu kelishuvda nazarda tutilgan mehnat sharoitlarini ta’minlash majburiyatini o‘z zimmasiga oladi.

Xodim va ish beruvchi mehnat shartnomasining taraflaridir.

Mehnat shartnomasining mazmuni

Mehnat shartnomasiga kiritilishi shart bo‘lgan shartlar quyidagilardan iborat:

ish joyi — xodim shartnomada shart qilib ko‘rsatilgan mehnat vazifasiga ko‘ra mehnat faoliyatini amalga oshiradigan ish beruvchi (tashkilot, uning alohida bo‘linmasi yoki jismoniy shaxs), shuningdek xodim mehnat qilishi kerak bo‘lgan joy;

mehnat vazifasi — muayyan kasb, mutaxassislik, malaka yoxud lavozim bo‘yicha ish, shuningdek xodimga topshiriladigan ishning aniq turi;

ishning boshlanish sanasi — xodim mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan ishni bajarishga kirishishi kerak bo‘lgan kalendar sana;

mehnatga haq to‘lash shartlari (shu jumladan xodimning tarif stavkasi yoki maoshi miqdori, qo‘shimcha to‘lovlar, ustamalar va rag‘batlantiruvchi to‘lovlar);

xodim bilan muddatli mehnat shartnomasi tuzilgan taqdirda mehnat shartnomasining muddati, shuningdek ushbu Kodeksga yoki boshqa qonunlarga muvofiq muddatli shartnomani tuzish uchun asoslar;

ish vaqti va dam olish vaqti rejimi, agar bu xodim uchun ushbu rejim mazkur ish beruvchida mehnat faoliyatini amalga oshiradigan xodimlar uchun nazarda tutilgan ish vaqtining va dam olish vaqtining umumiy rejimidan farq qiladigan bo‘lsa;

ish joyidagi mehnat sharoitlarining xususiyatlari ko‘rsatilgan holda normal sharoitlardan farq qiladigan sharoitlardagi ish uchun kafolatlar va kompensatsiyalar, agar xodim mazkur ishga qabul qilinayotgan bo‘lsa;

zarur bo‘lgan hollarda ishning xususiyatini belgilaydigan shartlar (ko‘chma, sayyor, yo‘ldagi, ishning boshqa xususiyati).

Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan hollarda boshqa shartlar ham mehnat shartnomasiga kiritilishi shart bo‘lishi mumkin.

Agar mehnat shartnomasini tuzish chog‘ida ushbu nazarda tutilgan shartlardan biror-biri shartnomaga kiritilmagan bo‘lsa, bu mehnat shartnomasini tuzilmagan deb e’tirof etish yoki uni bekor qilish uchun asos bo‘lmaydi. Mehnat shartnomasi qo‘shimcha shartlar bilan to‘ldirilishi kerak. Bunda qo‘shimcha shartlar mehnat shartnomasining ajralmas qismi bo‘lgan, mehnat shartnomasiga doir yozma shaklda tuziladigan qo‘shimcha kelishuv bilan belgilanadi.

Mehnat shartnomasida mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilanganiga nisbatan xodimning holatini yomonlashtirmaydigan qo‘shimcha shartlar, shu jumladan quyidagi shartlar nazarda tutilishi mumkin:

ish joyini aniqlashtirish (tarkibiy bo‘linma va uning joylashgan eri ko‘rsatilgan holda) va (yoki) ish joyi to‘g‘risida;

ishga qabul qilish chog‘idagi dastlabki sinov haqida;

bir necha kasbda (lavozimda) ishlaganlik to‘g‘risida;

davlat sirlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni oshkor qilmaslik haqida;

agar o‘qitish ish beruvchining mablag‘lari hisobidan olib borilgan bo‘lsa, xodimning o‘qishdan keyin shartnomada belgilangan muddatdan kam bo‘lmagan muddatni ishlab berish majburiyati to‘g‘risida;

xodimni qo‘shimcha sug‘urta qilish turlari va shartlari haqida;

xodimga va uning oila a’zolariga taqdim etiladigan ijtimoiy-maishiy sharoitlar to‘g‘risida;

xodimning ish sharoitlariga nisbatan qo‘llaniladigan xodimning va ish beruvchining mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan huquqlari va majburiyatlarini aniqlashtirish haqida.

Xodimning va ish beruvchining mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan biror-bir huquqlari va (yoki) majburiyatlarining mehnat shartnomasiga kiritilmasligi ushbu huquqlarni amalga oshirishni yoki bu majburiyatlarni bajarishni rad etish sifatida ko‘rib chiqilishi mumkin emas.

Mehnat shartnomasi shartlarining haqiqiy emasligi

Mehnat shartnomasining mazmuniga:

xodimning holatini mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga nisbatan yomonlashtiradigan;

mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash to‘g‘risidagi talablarni buzadigan;

majburiy mehnatni taqiqlash haqidagi talablarni buzadigan;

xodimni qonunga xilof harakatlarni yoki ham xodimning, ham boshqa shaxslarning huquqlarini buzadigan, hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soladigan, sha’niga, qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan harakatlarni amalga oshirishga majburlaydigan shartlar kiritilmasligi kerak, agar ular kiritilgan bo‘lsa, haqiqiy bo‘lmaydi.

Mehnat shartnomasi ayrim shartlarining haqiqiy emasligi mehnat shartnomasining umuman haqiqiy emasligiga sabab bo‘lmaydi.

 

Mehnat shartnomasining shakli

Mehnat shartnomasi bir xil kuchga ega bo‘lgan kamida ikki nusxada yozma shaklda tuzilib, ularning har biri taraflar tomonidan imzolanadi.

Mehnat shartnomasining har bir nusxasi xodimning va ishga qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxsning imzolari bilan mustahkamlanadi.

Ish beruvchida muhr mavjud bo‘lgan taqdirda mansabdor shaxsning mehnat shartnomasining barcha nusxalaridagi imzosi muhr bilan tasdiqlanadi.

Mehnat shartnomasining bir nusxasi xodimga beriladi, boshqasi (boshqalari) ish beruvchida saqlanadi. Mehnat shartnomasining nusxasi xodim tomonidan olinganligi ish beruvchida saqlanadigan mehnat shartnomasi nusxasidagi xodim mehnat shartnomasining nusxasini olganligi to‘g‘risidagi alohida imzosi bilan tasdiqlanadi.

Mehnat shartnomasida shartnomaning Mehnat kodeksining 107-moddasida nazarda tutilgan rekvizitlari ko‘rsatiladi.

Ish beruvchilar va xodimlarga mehnat shartnomalarini tuzishda amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishuvga ko‘ra tavsiyaviy xususiyatga ega bo‘lgan mehnat shartnomalarining namunaviy shakllari ishlab chiqiladi.

 

Mehnat shartnomasining rekvizitlari

Mehnat shartnomasida mehnat shartnomasi tuzilgan sana va joy, mehnat shartnomasining raqami va uning taraflarining rekvizitlari ko‘rsatiladi.

Xodimning mehnat shartnomasida ko‘rsatiladigan rekvizitlari quyidagilardan iborat:

familiyasi, ismi va otasining ismi;

shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;

yashash yoki turgan joyining manzili va u bilan bog‘lanishga doir ma’lumotlar;

soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami;

jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (mavjud bo‘lganda);

shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘i raqami.

Ish beruvchining mehnat shartnomasida ko‘rsatiladigan rekvizitlari quyidagilardan iborat:

mehnat shartnomasini tuzgan ish beruvchining nomi: tashkilotning nomi, agar ish beruvchi tashkilotning alohida bo‘linma bo‘lsa, — ushbu bo‘linmaning nomi, ish beruvchi jismoniy shaxs bo‘lgan hollarda, — jismoniy shaxs bo‘lgan ish beruvchining familiyasi, ismi, otasining ismi va pasport ma’lumotlari (identifikatsiyalovchi ID-kartasi ma’lumotlari), yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lgan ish beruvchi uchun esa uning familiyasi, ismi, otasining ismi, pasport ma’lumotlari (identifikatsiyalovchi ID-kartasi ma’lumotlari), shuningdek davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning raqami va berilgan sanasi;

ish beruvchining mehnat shartnomasini imzolagan vakili haqidagi ma’lumotlar va, agar tashkilot yoki uning alohida bo‘linmasi ish beruvchi bo‘lsa, vakilga tegishli vakolatlar berilganligining asosi;

ish beruvchi tashkilotning joylashgan eri (pochta manzili) yoki tashkilotning alohida bo‘linmasi xodim bilan mehnat shartnomasini tuzgan ish beruvchi bo‘lgan hollarda, ushbu alohida bo‘linmaning joylashgan eri (pochta manzili) yoxud jismoniy shaxs bo‘lgan ish beruvchining yashash yoki turgan joyi manzili;

soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (bundan yakka tartibdagi tadbirkorlar bo‘lmagan jismoniy shaxslar bo‘lgan ish beruvchilar mustasno);

tashkilotlar yoki ularning alohida bo‘linmalari bo‘lgan ish beruvchilarning, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlarning bank rekvizitlari;

ish beruvchining aloqa ma’lumotlari (telefon raqamlari, elektron pochta manzili va boshqalar).

Agar mehnat shartnomasini tuzishda ushbu moddaning birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan rekvizitlardan biror-biri shartnomaga kiritilmagan bo‘lsa, bu mehnat shartnomasini tuzilmagan deb e’tirof etish yoki uni bekor qilish uchun asos bo‘lmaydi. Mehnat shartnomasi yetishmayotgan rekvizitlar bilan to‘ldirilishi kerak. Bunda yetishmayotgan rekvizitlar mehnat shartnomasiga doir yozma shaklda tuziladigan qo‘shimcha kelishuv bilan belgilanadi, ushbu kelishuv mehnat shartnomasining ajralmas qismidir.

Rekvizitlar o‘zgargan taqdirda, mehnat shartnomasining tarafi ular o‘zgartirilgan paytdan e’tiboran uch ish kuni ichida bu haqda boshqa tarafga yozma shaklda xabar qilishi kerak.

 

Mehnat shartnomasining kuchga kirishi va ishning boshlanish sanasi:

Mehnat shartnomasi ish beruvchi va xodim tomonidan imzolangan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Xodim mehnat shartnomasida belgilangan sanadan e’tiboran mehnat vazifalarini bajarishga kirishishi shart.

Agar mehnat shartnomasida ish boshlanadigan kun belgilanmagan bo‘lsa, xodim shartnoma kuchga kirgan kundan keyingi ish kunida ishga kirishishi kerak.

Mehnat shartnomasini ro‘yxatdan o‘tkazish

Mehnat shartnomasini tuzish va bekor qilish, shuningdek unga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish qonunchilikda belgilangan tartibda “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart.

 

Mehnat shartnomasining muddati

Mehnat shartnomasi:

nomuayyan muddatga;

uch yildan ko‘p bo‘lmagan muayyan muddatga (muddatli mehnat shartnomasi) tuzilishi mumkin.

Agar mehnat shartnomasida uning amal qilish muddati shartlashilmagan bo‘lsa, shartnoma nomuayyan muddatga tuzilgan deb hisoblanadi.

 

Ish beruvchi xodimdan quyidagilarni talab qilishga haqli emas:

-      agar Mehnat kodeksda va boshqa qonunda boshqacha qoidalar belgilanmagan bo‘lsa, mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilmagan ishni bajarishni;

-      qonunga xilof bo‘lgan, xodimning yoki boshqa shaxslarning huquqlarini buzadigan, hayoti va sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yadigan, ularning sha’ni, qadr-qimmati hamda ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan harakatlarni amalga oshirishni.

 

Mehnat kodeksi 116-moddasida bir necha kasbda (lavozimda) ishlash, xizmat ko‘rsatish doirasini kengaytirish, ish hajmini ko‘paytirish, vaqtincha yo‘q bo‘lgan xodimning majburiyatlarini mehnat shartnomasida belgilangan ishdan ozod etilmagan holda bajarish belgilangan.

Xodimning roziligi bilan unga ish kunining (smenaning) belgilangan davomiyligi mobaynida xuddi o‘sha ish beruvchida qo‘shimcha haq evaziga mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan asosiy ish bilan bir qatorda, asosiy ishidagi kabi aynan o‘sha kasb (lavozim) bo‘yicha yoki boshqa kasb (lavozim) bo‘yicha ham qo‘shimcha ishni bajarish topshirilishi mumkin.

Xodimga topshirilayotgan qo‘shimcha ish quyidagilar vositasida bajarilishi mumkin:

-      xodim mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan asosiy ishga nisbatan boshqa kasb (lavozim) bo‘yicha qo‘shimcha ishni bajarayotgan hollarda bir necha kasbda (lavozimda) ishlash;

-      xodim asosiy ishidagi ayni o‘sha kasb (lavozim) bo‘yicha qo‘shimcha ishni bajarayotgan hollarda xizmat ko‘rsatish doiralarini kengaytirish yoki ishlar hajmini ko‘paytirish;

-      vaqtincha yo‘q bo‘lgan xodimning majburiyatlarini mehnat shartnomasida belgilangan, asosiy ishidagi ayni o‘sha kasb (lavozim) yoki boshqa kasb (lavozim) bo‘yicha ishdan ozod etilmagan holda bajarish.

Xodim yuqoridagi moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan qo‘shimcha ishni qaysi muddat ichida bajaradigan bo‘lsa, o‘sha muddat, uning mazmuni va hajmi ish beruvchi hamda xodim o‘rtasidagi kelishuv bo‘yicha belgilanadi. Mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga ko‘ra xodim tomonidan qo‘shimcha ishni bajarish muayyan muddatga yoxud nomuayyan muddatga belgilanishi mumkin. Xodimning zimmasiga vaqtincha yo‘q bo‘lgan xodimning majburiyatlarini mehnat shartnomasida belgilangan asosiy ishdan ozod etilmagan holda bajarishni yuklatish vaqtincha yo‘q bo‘lgan xodimning o‘rniga ishlash muddati bilan chegaralanadi.

Ushbu nazarda tutilgan qo‘shimcha ishning xodim tomonidan bajarilishi to‘g‘risidagi kelishuvga mehnat shartnomasining taraflari xodimni ishga qabul qilishda yoki xodim tomonidan xuddi o‘sha ish beruvchida mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonida erishishi mumkin. Agar xodim tomonidan 116-modda ikkinchi qismining ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan qo‘shimcha ish doimiy asosda bajarilishi haqidagi kelishuvga mehnat shartnomasining taraflari xodimni ishga qabul qilish chog‘ida erishgan bo‘lsa, bu mehnat shartnomasida uning qo‘shimcha sharti sifatida ko‘rsatiladi. Agar xodim ushbu ish beruvchida mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonida taraflar ushbu modda ikkinchi qismining ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan qo‘shimcha ish xodim tomonidan doimiy asosda bajarilishi to‘g‘risida kelishib olgan bo‘lsa, bunday kelishuv mehnat shartnomasiga qo‘shimcha kelishuv tarzida rasmiylashtiriladi.

Xodimning ish beruvchi bilan kelishuvga ko‘ra belgilangan muddat mobaynida qo‘shimcha ishni bajarishga roziligi mehnat shartnomasiga o‘zgartishlar kiritilishini talab etmaydi va ish beruvchining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi. Xodim buyruqning matni bilan tanishtirilishi va rozi bo‘lgan taqdirda uni imzolashi kerak.

Vaqtincha yo‘q bo‘lgan xodimning majburiyatlarini asosiy ishdan ozod etilmagan holda bajarishni shtatdagi uning o‘rnini bosadigan, mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka, mehnat shartnomasiga, mansab yo‘riqnomasiga muvofiq o‘z lavozim majburiyatlariga vaqtincha yo‘q bo‘lgan xodimning majburiyatlarini bajarish kiradigan shaxs zimmasiga yuklatish ish beruvchining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi, majburiyatlarni vaqtincha bajarish zimmasiga yuklatilayotgan xodimning biror-bir qo‘shimcha roziligini olishni talab etmaydi hamda qo‘shimcha ravishda haq to‘lanmaydi.

Uch ish kunidan kechiktirmay boshqa tarafni yozma shaklda ogohlantirgan holda xodim qo‘shimcha ishni bajarishni muddatidan oldin rad etish, ish beruvchi esa uni bajarish to‘g‘risidagi topshiriqlarni muddatidan oldin bekor qilish huquqiga ega. Bu qoida ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan holga nisbatan tatbiq etilmaydi.

 

Ish bilan bog‘liq hujjatlarni va ularning ko‘chirma nusxalarini berish

Xodimning yozma arizasiga ko‘ra ish beruvchi ariza berilgan kundan e’tiboran uch ish kunidan kechiktirmay xodimga ish bilan bog‘liq hujjatlarni (ishga qabul qilish to‘g‘risidagi, boshqa ishga o‘tkazish haqidagi buyruqlarning ko‘chirma nusxalarini; mehnat daftarchasidan yoxud elektron mehnat daftarchasidan ko‘chirmalarni; ish haqi to‘g‘risidagi, hisoblangan hamda xodim tomonidan haqiqatan to‘langan soliqlar va yig‘imlar haqidagi, mazkur ish beruvchida ishlash davri to‘g‘risidagi ma’lumotnomalarni va boshqalarni) berishi shart.

Mehnat shartnomasi bekor qilingan taqdirda xodimga mehnat daftarchasini yoxud elektron mehnat daftarchasidan ko‘chirma berish, shuningdek xodimga mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruqning ko‘chirma nusxasini berish Mehnat kodeksining 171-moddasida belgilangan quyidagi tartibda va muddatlarda amalga oshiriladi:

Ish beruvchi mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni xodimga uning mehnat daftarchasini yoxud elektron mehnat daftarchasidan ko‘chirmani, shuningdek mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruqning ko‘chirma nusxasini berishi shart. Ish beruvchi xodimning yozma arizasiga ko‘ra unga ish bilan bog‘liq hujjatlarning tegishli ravishda tasdiqlangan ko‘chirma nusxalarini ham berishi shart.

Mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni xodim yo‘q bo‘lganligi yoki hujjatlarni olishni rad etganligi munosabati bilan unga mehnat daftarchasini yoxud elektron mehnat daftarchasidan ko‘chirmani hamda mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruqning ko‘chirma nusxasini berish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, ish beruvchi keyingi ish kunidan kechiktirmay xodimga mehnat daftarchasini olish uchun kelishi yoxud mehnat daftarchasi pochta orqali yuborilishiga rozilik berishi zarurligi haqida bildirishnoma yuborishi shart.

Ish beruvchi bildirishnoma yuborilgan kundan e’tiboran mehnat daftarchasini berish kechiktirilganligi uchun javobgarlikdan ozod etiladi. Xodim tomonidan o‘z vaqtida talab qilib olinmagan mehnat daftarchasi ish beruvchi tomonidan xodim mehnat daftarchasini berish to‘g‘risida murojaat qilgan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmay berilishi kerak.

Ish beruvchi mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruqning ko‘chirma nusxasini xodimning buyruqning ko‘chirma nusxasini pochta orqali yuborish uchun roziligini olmagan holda pochta jo‘natmasini topshirish haqidagi bildirishnoma bilan yuborishga haqli. Mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruqning xodimga berilgan ko‘chirma nusxasi yo‘qolgan yoki buzilgan taqdirda, xodim ish beruvchiga bunday buyruqning yangi ko‘chirma nusxasini berish uchun murojaat qilishga haqli bo‘lib, ushbu ko‘chirma nusxa xodimga u ish beruvchiga murojaat qilgan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmay berilishi kerak.

 

Ish bilan bog‘liq hujjatlarning ko‘chirma nusxalari tashkilot rahbarining yoki boshqa vakolatli shaxsning imzosi, shuningdek muhri (u mavjud bo‘lgan taqdirda) bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak. Ish bilan bog‘liq hujjatlar va ularning ko‘chirma nusxalari xodimga bepul beriladi.

 

Mehnat shartnomasini tuzish. Ishga qabul qilishga yo‘l qo‘yiladigan yosh

Ishga qabul qilishga Mehnat kodeksining 20-moddasiga muvofiq shaxslar mehnatga oid huquq layoqatiga va muomala layoqatiga ega bo‘lishi bilan, o‘n olti yoshdan yo‘l qo‘yiladi.

Yoshlarni mehnatga tayyorlash uchun umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim tashkilotlarining, kasb-hunar maktablarining, kollejlar va texnikumlarning o‘quvchilarini ularning sog‘lig‘iga hamda ma’naviy kamol topishiga ziyon yetkazmaydigan, o‘qitish jarayonini buzmaydigan yengil mehnatni o‘qishdan bo‘sh vaqtida bajarishi uchun ishga qabul qilishga — ular o‘n besh yoshga to‘lishi bilan ota-onadan birining (ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxsning) yozma roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.

Madaniy-tomosha tashkilotlarida, televideniye, radioeshittirish tashkilotlarida va boshqa ommaviy axborot vositalarida, shuningdek professional sportchilar bilan ota-onaning har ikkisining (ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxsning) roziligi hamda vasiylik va homiylik organining ruxsati bilan, sog‘lig‘iga va ma’naviy kamol topishiga ziyon yetkazmasdan asarlarni yaratish va (yoki) ijro etishda (ko‘rgazmaga qo‘yishda) ishtirok etish uchun o‘n besh yoshga to‘lmagan shaxslar bilan mehnat shartnomasini tuzishga yo‘l qo‘yiladi. Ko‘rsatilgan yoshga to‘lgan shaxslar qabul qilinishi mumkin bo‘lgan ishlar, kasblar, lavozimlar ro‘yxatlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama respublika komissiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi. Bunday holda xodimning nomidan mehnat shartnomasini uning ota-onasi (ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxs) imzolaydi. Vasiylik va homiylik organining ruxsatnomasida har kunlik ishning eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan davomiyligi hamda ish bajarilishi mumkin bo‘lgan boshqa shartlar ko‘rsatiladi.

O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarni ishga qabul qilish va ularning mehnatini qo‘llash Mehnat kodeksida nazarda tutilgan talablarga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.

 


Mavzu bo'yicha testga kirish
Keyingi mavzu: Ta'lim muassasada ota-onalar va jamoatchilik bilan ishlash.